Butsa.uz
KirishA'zo bo'lish
Mirjalol Qosimov - Transfer narxi, "4-raqam", "Bunyodkor"ni "Krilya Sovetov
Qo‘shdi: Aman (WapUsta)

91

O'zbek futboli afsonasi, O'zbekiston terma jamoasining sobiq va "Bunyodkor" bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning saytimizga bergan eksklyuziv intervyusini e'tiboringizga havola etamiz. Mirjalol Qosimov haqida qisqacha ma'lumot:Tug'ilgan sanasi: 1970 yil, 17 sentyabrTug'ilgan joyi: O'zbekiston, Toshkent shahriBo'yi: 174 smPozitsiyasi: yarim himoyachiO'ynagan jamoalari: "SK FMM Moskva" (1986), "Paxtakor" (1987), "Dinamo Minsk" (1988), "Paxtakor" (1988-1991), "Spartak Vladikavkaz" (1992), "Paxtakor" (1993), "Alaniya" (1994-1996), "Paxtakor" (1997-1998), "Alaniya" (1999), "Paxtakor" (1999), "Krilya Sovetov" (2000-2001), "Al Shabab" (2001-2002), "Paxtakor" (2002-2003), "Alaniya" (2003-2004), "Mash'al" (2005).Terma jamoadagi faoliyati: O'zbekiston (1992-2005)Murabbiylik faoliyati: O'zbekiston olimpiya terma jamoasi (2006-2007), O'zbekiston terma jamoasi (2008-2010, 2012-2015), "Bunyodkor" (2007-2014, 2017-...)Xush kelibsiz, sizni "championat.asia" sayti mehmoni bo'lib turganingizdan xursandmiz. Avvalo ko'pchilik futbol ihlosmandlarini qiziqtiradigan savol bilan murojaat qilmoqchiman: Futbolga mehr qo'yish qachondan va qanday boshlangan?- Avvalo taklif uchun rahmat! Ishlarizga rivoj tilayman. Chunki ko'p minglab futbol muxlislari sizlarni portalni kuzatib borishadi va o'zlari uchun kerakli ma'lumotlarni olishadi. Shu boisdan ham mashaqqatli ishlaringizda rivoj va omad tilayman!O'zimga keladigan bo'lsam, har bir bolakayga o'xshab mahallada oyoqyalang, bir futbolkada to'p tepib yurganmiz. Aynan o'sha paytdayoq futbolga qiziqish paydo bo'lgan. Bizlarni yoshlik davrimizda lanka, chille, lapta va shunga o'xshash o'yinlar o'ynardik. Hozirgi futbolchilarning aksariyati bu o'yinlarni bilishmaydi. O'sha paytda yurtimizda faqat "Paxtakor" jamoasi bor edi. Barchamiz birdek ushbu jamoaga muxlislik qilardik. Har bir bolakay yoshligida aynan "Paxtakor" libosida futbol o'ynashni orzu qilgan. Futbolga qiziqishim va muhabbatimni payqagan otam 10 yoshimda, aniqrog'i 1980 yil, 5 yanvar kuni Qoraqamishdagi Chig'atoy futbol maktabiga olib borganlar. Aynan o'sha kundan futboldagi ilk qadamim boshlangan.- Mirjalol Qosimovning futbolchilik faoliyatini oltin davrga qiyoslasa bo'ladi. Albatta futbolchi sifatida yuksak darajaga chiqishda katta mehnat va qiyinchiliklarni engib o'tgansiz. Futbolga qadam qo'yishdan avval yulduzlik darajasiga qadar etishaman deb o'ylaganmisiz?- To'g'risi, bunday hayol ham bo'lmagan. Yoshlikda har bir insonda bo'lgani kabi futbolga muhabbat uyg'ongan. Mendagi qiziqish yillar o'tgan sayin kuchayib borgan va bu professional darajaga chiqqan. Pog'onama-pog'onama futbolchi sifatida proefssional shartnoma imzolaganimdan keyin futbolga nafaqat o'yin, balki kasbim sifatida qaraganman. Bolalikda futbol haqida boshqacha fikr bo'ladi, 10 yoshda boshqacha, 15 yoshda boshqacha va keyinchalik bu o'z-o'zidan ishga professional yondoshuvga o'tgan. Bu darajaga chiqishimga avvalo futbolga bo'lgan qiziqishim, mehrim haqiqiy muhabbatga aylangani ham katta rol o'ynagan.- Futbolchilik faoliyatingizda "Paxtakor", "Alaniya", "Krilya Sovetov", "Al Shabab" va "Mash'al" jamoalarida to'p tepgansiz. Har bir o'ynagan jamoangizni aynan nimalari bilan yodda qolgan. Qanday ta'rif bera olasizmi?- Yoshligimda mahallada to'p tepib yurgan paytimda futbol haqidagi tasavvurim boshqacha bo'lgan. Chig'atoydagi futbol maktabiga borganimda esa tasavvurim kengaygan. U erdagi muhit men o'ylaganimdan ham farq qilgan. Futbolga bo'lgan qarashlarim aynan shu paytdan o'zgarishni boshlagan. Mahallada masalan barcha istagan joyida o'ynagan va to'pni xohlaganicha tepib yurgan. Yutqazayotganda himoyachimi, darvozabonmi istasa oldinga o'tib ketaverardi. Bu erda esa hammada o'z ishi, o'z funktsiyasi bo'lishini tushunib etganman. Aynan maktabdagi ilk taassurotim bu futbolda tizim bo'lishini anglaganman. Nima demoqchiman, nafaqat har bir klubni, balki futboldagi har bir yangi qadam o'ziga xos xotiralar bilan yodda qolgan.Futbolda hamma narsaga zinama-zina, ya'ni pog'ona bo'yicha erishiladi. Mana shu narsalar ham yodda qolgan. Asta-sekinlik bilan futbolchi sifatida O'zbekiston o'smirlar, yoshlar terma jamoasida o'ynaganman. O'sha paytlarida "Nadejda", "Yunost" degan musobaqalar bo'lardi. Aynan shunaqa turnirlar orqali O'zbekistondagi eng yaxshilarni murabbiylar saralab olishardi. Shaxsan o'zim "Yunost" musobaqasida Voronejga borganman. Rahmatli Maqsad aka Sharipov meni o'sha turnirga olib borganlar. O'zimdan bir yosh kattalar bilan o'ynaganman va keyinchalik "Nadejda"da musobaqasida ham o'ynaganman.Shundan so'ng meni Sobiq Ittifoq terma jamoasiga olishgan. Pod karandash deyishardi, hozirgi kunda terma jamoaga nomzod futbolchilar deb aytiladi. Shu turnirlar orqali Sobiq Ittifoq yoshlar terma jamoasidan taklif olganman. ALeksandr Mixaylovich o'shanda meni terma jamoaga taklif etgandilar. Keyin esa Evropa chempionatiga tayyorgarlik ko'rganmiz. Shu orada terma jamoaga kelib-ketib yig'inlarda, o'rtoqlik o'yinlari va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganman. Frantsiyada o'tgan Evropa chempionatining yarim finalida frantsuzlarni yutib, finalda "Park De Prens" stadionida Italiyaga yutqazib qo'yganmiz. O'sha yili yozdayoq Kanada Jahon chempionati bo'lib o'tgan. Nigeriyani finalda mag'lub etib Jahon chempionligini qo'lga kiritganmiz. Futbolchilik davrimdagi ilk esda qolgan yorqin va yoqimli xotiralar aynan shular. O'shanda Moskva sport maktabida o'qirdim. Toshkentga kelgach esa meni alohida taqdirlashgani yodimda qolgan. Shundan so'ng aynan 1987 yili "Paxtakor" jamoasiga qo'shilganman. 1992 yilda esa Alaniyaga ketganman. Bu ham boshqa davr. Men yanada mustaqil bo'lganman va bu menga yanada o'sishimga katta yordam bergan.- O'sha paytda “Paxtakor”dan “Alaniya”ga transfer bo'lgansiz. Transfer bahosi qanchani tashkil etganini oshkor qila olasizmi? Chunki bilamiz “Paxtakor”dan ketishdan oldin klub g'aznasiga yaxshigina pul qoldirib ketgansiz...- Aniq esimda. Taklif kelgan paytda meni “Paxtakor” bilan shartnomam muddati tugagan bo'lgan. Ammo klubning o'sha paytdagi moliyaviy holati yomonlashgani tufayli, men yangi shartnomaga imzo chekkanman va “Alaniya” meni transferimni 150 ming AQSh dollariga sotib olishga majbur bo'lgandi. O'shanda “Paxtakor”da futbolchilar 6 oylab maosh ham olmaganmiz. Bu bekitadigan narsa emas. Shuningdek, men bu gaplarni maqtanish uchun ham aytmayapman. Shunchaki o'sha paytdagi holat va sharoitdan kelib chiqib jamoaga sal bo'lsada nafim tegishini istaganman. Agarda hozirgi kunga taqqoslaydigan bo'lsak, o'sha paytdagi 150 ming AQSh dollari 1,5-2 million dollar bo'lishi mumkin. Chunki o'sha paytda 1-2 xonali uylar, menimcha, 500-700 dollar turardi. Undan tashqari “Paxtakor”ga ikki komplekt to'liq yangi o'yin liboslarini olib kelganman.- Mirjalol Qosimovning professional faoliyatida katta ko'makchi bo'lgan murabbiylarni sanab o'ta olasizmi?- Hech kimni ajratib o'tirmayman. Chunki har bir murabbiyning menga nafi tekkan. Maktabda o'qib yurgan paytimdagi jismoniy tarbiya o'qituvchilarining ham menga ko'p foydasi tekkan. Shuningdek, futboldagi birinchi murabbiyim Yuriy Mixaylovich Gaspadarchukning xizmatlari katta bo'lgan. Professional futbolchilik faoliyatimdagi har bir murabbiyning meni o'sishimda o'z hissasi bor. Ularning har biridan nimanidir olganman va uzlashtirganman. Hammasini hurmat qilaman va shu boisdan ham hech kimni ajratib ko'rsatmayman.- Mirjalol Qosimovning futbolchilik faoliyati katta bir sahifa. Umuman yutgan sovrinlarni, esdalik sovg'alari va futbolkalarni saqlaydigan muzey bormi?- Katta bo'lmasada alohida bir xonanini aynan esdalik sovg'alari va sovrinlarni saqlash uchun ajratganman. Asta-sekinlik bilan bu muzeyni kattalashtirish rejasi bor. Rasmlar, formalar, koptoklar, sovrinlar bor albatta. 1994 yili Hirosimada qo'lga kiritilgan chempionlik libosi ham turibdi. Bu vaqti kelib mendan keyin avlodimga noyob narsalar sifatida qoladi.- Xayrlashuv uchrashuvingizda Toshkentga bir qator futbol yulduzlari, taniqli mutaxassislar kelishgandi. Xususan Sergey Semak o'sha o'yindan keyin o'z blogpostida O'zbekistonga ajoyib ta'rif bergandi. Hozir ham Semak bilan do'stona aloqani saqlab turibsizmi?- Ha, Semak O'zbekistonga tashrif buyurishni tavsiya qilib post qoldirganini o'qiganman. Aytadiku, O'zbekistonning nonini egan makkadan ham qaytadi.  Bizning havoimiz, erimiz, mentalitetimiz boshqa. Xushmuomulaligimiz ham har qanday mehmonga iliq taassurot qoldiradi. O'zbeklarning mehmondo'stligini ko'rib Semak ham haqiqatni yozgan. To'g'risi, Sergey Semak bilan gaplashmaganimga ancha bo'ldi. Telefonim almashganidan keyin ko'plab raqamlar yo'qolgandi. Hozir eski do'stlar orqali salom yo'llab turamiz.- Ko'plab muhim va chiroyli gollarga mualliflik qilgansiz. Ammo futbolchilik faoliyatingizga nazar tashlaganizda birinchi bo'lib yodizga keladigan qadrli gol qaysi?- Har bittasi. Sababi, biz doim muxlislar uchun o'ynaymiz. Hozirgi kunda ko'l ostimdagi futbolchilarga ham shuni ko'p ta'kidlayman, eng muhimi gol urish. Chunki ishqibozlar stadionga avvalo gol ko'rish uchun kelishadi. Jamoa uchun muhim gollarni urish doimo yoqimli bo'ladi.- Futbolchilik bilan murabbiylikni o'rtasidagi farq nimalardan iborat?- Futbolchi avvalo o'zi uchun javobgar. Murabbiy esa butun jamoaga javobgar. Farq er bilan osmoncha. Chaqaloq dunyoga kelgach tezda yugurib ketmaydiku, to'g'rimi? Avval emaklaydi, keyin sekin yurishni boshlaydi. Yiqilib, turtilib yurishni o'rganadi va shu ro'sinda asta-sekinlik bilan oyoqqa turadi. Hayot ham, futbol ham va murabbiylik sohasi ham shunday. Yutuq bor joyda mag'lubiyat ham bo'ladi. Muhimi, yiqilganda o'rningdan turib ishlashda davom etish lozim. Izlanishdan to'xtamaslik zarur. Malaka esa vaqt orqali keladi. Masalan futbolchi ham faqat mashg'ulot qilib yuraversa o'sishga erishmaydi. Murabbiy ham o'yinlar orqali o'z xatolarini ko'radi va buni ustida ishlaydi. Futbolchini tanlash ham o'ziga yarasha mahorat. Chiziqlar o'rtasidagi bog'lamni topish san'at. Futbolda tandem degan tushuncha bor. Murabbiy o'sha bir-birini o'zaro yaxshi tushunadigan futbolchilarni topa bilishi lozim. Hozir futbolda hamma usta. Futbolchilar ham, muxlislar ham, jurnalistlar ham. Lekin maydonda bo'ladigan holat va voqealar umuman boshqa. U erda qandaydir soniyalar barcha masalani hal etishi mumkin. Futbolda futbolchi bir-birini yaxshi ko'rib qolishi mumkin. Bu erda boshqa ma'noda aytilmoqda. Ya'ni ko'ziga qarab sherigi qaerga harakatlanishini va qanday to'p uzatmani amalga oshirishini payqaydigan futbolchilar bo'ladi. Masalan menda bu narsa Shkvirin bilan bo'lgan. Biz bir-birimizni so'zsiz tushunardik. Men uni qaerga qarab ochilishini oldindan bilardim, u esa meni qaerga to'p uzatishimni sezardi. Mana shu barcha jihatlarni murabbiy o'z jamoasida topishi kerak.- Futbolchilik paytingizda kumiringiz kim bo'lgan?- “Dinamo Kiev”dagi Buryak, Maradona, Zidan o'sha paytda menga yoqardi. Hozirgi kunda Messi yoqadi. Ronaldu ham yaxshi taassurot qoldiradi. Lekin futbol avvalo jamoaviy o'yin. Menga ko'proq “Tottenxem”da yo'lga qo'yilgan o'yin uslubi ko'proq ma'qul. Masalan shu kabi jamoaviy harakatlarga qurilgan o'yinga qarab ko'p narsani olsa bo'ladi.- Qosimovning jarima zarbalari, burchak to'plarini amalga oshirish mahorati tug'ma iste'dodmi yoki mashg'ulotlardagi mehnatlari samarasimi?- Avvalo Xudo tarafdan berilgan iste'dod. Ammo buni yanada takomillashtirib, mashg'ulotlar orqali ishlov berilmasa bo'lmaydi.- 4-raqam bu tasodifan tanlanganmi yoki qandaydir voqeaga bog'lab olinganmi?- Tasodifan tanlangan va keyinchalik qadrli raqamga aylanib qolgan. Boshqa raqamlarda ham o'ynaganman. 13-raqamda o'ynaganimda o'rtasiga plyus qo'yib qo'yardim. Keyinchalik barcha raqamlar 4 bilan bog'liq bo'lib qoldi. Mashinam, telefon raqamim, to'rtta farzandli bo'ldim va hokazo. Lekin shunisi aniqki, gap raqamda emas.- Hozirgi kunda O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ichidan uchta yorqin murabbiyni ajratib sanab bering...- Aynan uchtami? Ro'ziqul Berdiev, Ulug'bek Baqoev va Ilhom Mo'minjonov.- Murabbiy sifatida bir qator muhim va qiyin bellashuvlarda g'alabaga erishgansiz. O'shalar ichidan eng ta'mi shirini g'alaba qaysi bo'lgan?- Avvalo har bir o'yinga faqat yutuq uchun chiqaman. G'alaba qozongan o'yinlarimning har bittasi xursandchilik bag'ishlagan. Tana boshqa dard bilmas, deydiku. Mag'lubiyatga uchragan murabbiylarni ham boshdan kechirayotgan hissiyotlarini tushunaman. Chunki o'z paytida men ham ularni holatida bo'lganman. Har bir g'alaba o'ziga yarasha shirin bo'lgan. O'sha Erondagi qiyin o'tgan uchrashuvdagi g'alaba, Yaponiya bilan bo'lgan durang. Yoki yutqazib qo'ygan o'yinlarim ham menga keyinchalik o'zimni xatolarimni ko'rib olish orqali foydasi tekkan. Qaerda xato qilingani, nimalarga ko'proq e'tibor berish kerakligi, qaysi taktika bo'yicha ko'proq ishlash lozimligi tushunib olishingda mag'lubiyatlar ham yordam beradi. Yutuq uchun avvalo omad kerak. Busiz iloji yo'q. To'g'ri, o'yinga jiddiy tayyorgarlik, to'g'ri taktika tanlash, raqibning ojiz nuqtasini topish, kerakli o'zgarishni vaqtida qila olish. Buni payqash kerak. Yaqqol misol yaqindagina Ravshan Haydarov birgina o'zgarish orqali finalda barcha masalani hal etdi. Sidorov birgina to'pga tegish orqali chempionlik masalasini hal etdi. Bu avvalo murabbiyning topqirligi. Muhimi, omad o'sha payt bizga kulib boqqani. Omadsiz hech bir yutuqqa erishib bo'lmaydi. Lekin o'sha omadga ham munosib bo'lmoq lozim.- Ko'plab murabbiylar aybni o'zidan qidirmaydida, bahona izlaydi yoki boshqa sabablarni keltiradi. Sizda esa umuman teskari holat. Qosimov doim futbolchilarni himoya qiladi va kerak bo'lsa hamma mas'uliyat bilan birgalikda aybni o'z bo'yniga oladi. Iordaniyaga qarshi uchrashuvdan keyin iste'fo bergansiz. Ammo O'FF o'shanda sizni bu iste'foingizni qabul qilmagan. Qolgan murabbiylar esa ishni eplay olmasa iste'fo bermay, uni haydab yuborishmaguncha ketishni hayoliga keltirmaydi. Iordaniya bilan uchrashuvdan keyingi iste'fo borasida qisqacha izoh bera olasizmi?- O'shanda yutishimizni Xudo xohlamadida. O'shanda raqibni hujumlar bilan raqibni katta bosim ostida qoldirayotganimizda stadionda chiroq o'chib qolgandi. Demak Xudo yutishimizni xohlamagan. Men shunday deb o'ylayman. To'g'ri, qaerdadir xato qilganmiz. Ishlamagan odam xato qilmaydi. O'shanda chiroqning o'chib qolishi ham bizga pand bergan. Har bir mag'lubiyatga murabbiy aybdor bo'ladi. Shu boisdan ham iste'fo berganman. Chunki MTJ meni shaxsiy hududim emas. Balki boshqa murabbiy kelganida vaziyat yaxshi tarafga o'zgaradimi deb iste'fo bergandim. Menga terma jamoani ishonib topshirishganida ishladim. Men ertaga nima bo'lishini bilganimda, o'zbeklarda bir gap borku: “Yiqilishimni bilganimda ko'rpacha yozib olardim”. O'sha davr asabiy payt bo'lgan. Shuni aytishim mumkinki, o'sha narsalar meni yanada kuchli qildi.- Ma'lum muddat juda qattiq tanqidlar yomg'iri ostida qoldingiz. Futbol doirasidagi mutaxassislar yoki jurnalistlar emas, asosan futbol tashqaridagi tanqidlar ko'proq bosim yuklab, sizni ish faoliyatingizga ta'sir o'tkazib qo'ymadimi?- Men ham issiq jonman. Yuragim urib turadi, men ham o'ziga yarasha asabiylashaman. Busiz iloji yo'q. Lekin o'sha vaziyatdan tez chiqaman. Bir xal payt nohaqlik bo'lsa qattiqroq gapirib yuborishim mumkin. Suv ham tomchilab-tomchilab toshni ham teshadiku. Nima biz xohlamaganmizmi Jahon chempionatiga chiqishni? Futbolchilik paytimda ham, murabbiylik davrimda harakat qilganman. Ba'zida betob holda ham JChga chiqish yo'lida ishlaganmiz, harakat qilganmiz. O'sha paytda bilinmagan bo'lsada, hozir buni ta'sir bo'lishi mumkin. Birinchi navbatda insonga kerak bo'ladigan - sog'liq. Shu boisdan ham futbolchilarga betob bo'lsa yoki jarohati bezovta qilsa menga ma'lum qilishini aytaman. Chunki jarohat bilan futbol o'ynamaslik kerak. Men uchun futbolchilarning sog'lig'i birinchi o'rinda turadi.To'g'ri, o'sha payt har xil vaziyat bo'lgan. Yosh bolalar gapirgan yoki va hokazo. O'shanda iste'fo so'raganimdan keyin kimgadir qattiq gapirganman va keyinchalik o'sha insondan uzr ham so'raganman. Bu hayotda bo'ladigan holat. Bundan uyalish kerak emas. Tan olish kerak va mard bo'lish kerak. Kechirim so'raganim bilan meni biror joyim kamayib qolmaydi. Men shunday narsalardan teparoqda turishni afzal bilaman. Kimnidir bilmasdan ko'ngligini ranjitib qo'ygan bo'lsam, Xudodan kechirim so'rayman. Bir yaxshi gap bilan insonni ko'ngligini olish mumkin, yoki aksincha.-KXDRdan uchralgan mag'lubiyatdan keyin iste'foga chiqdingiz va shundan so'ng deyarli 2,5 yil matbuotdan butunlay uzoqlashdingiz. O'sha davrlarda Mirjalol Qosimov nimalar bilan mashg'ul bo'ldi?- Uhhh... Oliy ishlar bilan deydiku. Oilam, uy, ish va hokazo. Uyoqqa bordim, buyoqqa bordim. Do'stlarim ko'plab joylarga taklif etishdi. Hordiq chiqardim. Futboldan ancha uzoq bo'ldim haqiqatdan ham. Asosan oilam va shaxsiy ishlarim bilan mashg'ul bo'ldim. Inson tiklanishi kerakku. O'sha davr mobaynida chala-yarim o'lgan asab tolalarini tiklab oldim.- Ma'lum tanaffusdan keyin yana ishga qaytdingiz. Ayni paytda murabbiy sifatida o'sishga erishganingizni ko'pchilik ta'kidlamoqda. Aynan qaysi kamchilik va qanday jihatlar ustida xatolaringizni to'g'riladingiz?-Kamchilik va xatolarim o'zimda qolgani ma'qul. O'tgan davr mobaynida har tomonlama 3 yoshga ulg'aydim. Murabbiy sifatida ba'zi jihatlarimga tuzatish kiritdim. Xatolarim ustida ishladim. Kerakli joylarni shakllantirdim.- “Bunyodkor”ni ko'plab etakchilar tark etishdi. Shomurodov, Shukurovdan tashqari mavsum starti oldidan kutilmaganda ikkala qanot vingerlari Hamdamov va Gadoev ham jamoadan ketishdi. Siz esa tabiiyki qanotlarda ularga ishonayotgandingiz. Ammo ko'plab yo'qotish hamda qiyinchiliklarga qaramasdan jamoaning o'yini va qayd etayotgan natijasi pasaymayapti...- Har doim ta'kidlaydigan gapim: qiyinchiliklarsiz rohat bo'lmaydi. Avvalo qo'l ostimdagi futbolchilarga qoyil qolish kerak. Ular men talab qilayotgan narsalarni bajarishmoqda. Futbolchilar o'yin davomida yo'l qo'yiladigan xatolarni o'z vaqtida bartaraf etishmoqda. Yaxshi sifatlarni saqlab qolib, uni yanada sayqallashtirib davom ettirish kerakligini yaxshi tushunib turishibdi. Futbolchilarga nafaqat jismoniy mashg'ulotlarda, balki nazariy mashg'ulotlarda ham imkon qadar etarlicha tushuntiryapmiz. O'yinlarni tahlil qilish jarayonida ularga qaerda qanday va nima qilish kerakligini o'qtiramiz. Kerak paytda futbolchilarni boshini silaymiz yoki tanbeh beramiz. Shu boisdan ketgan futbolchilarga qaramasdan jamoam men istagan futbolni namoyish etmoqda. Ya'ni jamoam asosan to'p bilan muomula qilib futbol o'ynamoqda. Jismoniy jihat ham futbolda juda muhim o'rin kasb etadi. Chunki futbolni yurib, harakatsiz o'ynashning imkoni yo'q. Shuningdek, futbolchilar taktik ko'rsatmalarni ham yaxshi bajarishayotganini ham alohida aytishim mumkin. Futbol - jamoaviy o'yin. Shu boisdan ham futbolni hech qachon o'zi uchun o'ynamaslik kerak. Eng yomon ko'rganim – futbolchi o'zi uchun o'ynashi. Barcha maydonda bir-birini o'rnini to'ldirishi lozim. Himoyachi kerak paytda hujumda yordamlashi kerak yoki aksincha, hujumchi vaqtida himoyada paydo bo'lmog'i lozim. Muhimi, futbolchilar maydonda bir jamoa bo'lib harakatanayotganini tushunib o'ynashlari kerak. Futbolchi xato qilishdan qo'rqmasligi lozim. Manaman degan futbolchilar ham xato qiladi. Futbolni xatosiz o'ynab bo'lmaydi. Qiyin sharoitda ishlashdan rohatlanaman.- Mirjamol Qosimovga otasining qo'l ostida o'ynayotgani qo'shimcha bosim yuklamayaptimi?- Albatta juda katta bosim yuklaydi. Har xil gap-so'zlar. Bu narsalar Mirjamolga bosim yuklaydi, ha. Lekin menga hech qanday bosim yuklamaydi. Mirjamolga ikki yoki uch barobar qiyin. Nimaga? Chunki ishxonada ham murabbiy, uyda ham murabbiy nazoratida bo'ladi. Mirjamol asta-sekinlik bilan futbolchi sifatida yaxshi o'sib bormoqda. Biroz tajriba to'plaganidan keyin hammasi yaxshi bo'lib ketadi. Hamma narsa o'ziga bog'liq. Muhimi, harakat va mehnat qilish lozim. Lekin qo'shimcha bosim ostida o'ynayotgani haqiqat.- Mirjalol Qosimov Superligada “Bunyodkor”dan boshqa jamoalarda ishlashi mumkinmi?- Og'ir paytda jamoani tashlab ketish meni qoidalarimga zid.- Umuman keyinchalik takliflar bo'lsachi...?- Keyinchalik bo'lsa, ha mumkin. Hammasini vaqt ko'rsatadi. Murabbiylik meni kasbim, men qiladigan ish. Takliflar bo'lsa o'ylab ko'raman.- O'rtada sizga Qozog'iston va boshqa chempionatlardan takliflar bo'lgani aytilgandi. Shu xususida nima deya olasiz?- Bu gaplarga ancha bo'ldi. 2012 yilda Rossiyaning “Krilya Sovetov” jamoasidan ham qiziqish bo'lgandi. Bu qanchalik jiddiy taklif bo'lgan yoki yo'q, hozir aniq aytolmayman. Lekin ikki bor taklif bilan chiqishgandi. Ammo o'shanda ham “Bunyodkor”ni qiyin pallada tashlab ketishni istamaganman.- “Bunyodkor” ayni paytda qiyin moliyaviy holatda. Maosh, mukofot pullaridan qarzdorliklar mavjud. Lekin shunga qaramay jamoa o'ynamoqda. Futbolchilarni ko'zi yonib turibdi. Murabbiy sifatida ularni qanday ruhlantiryapsiz?- Hali aytdimku, bizlar ham vaqtida 6 oylab maoshsiz o'ynaganmiz. Ruhlantirishga keladigan bo'lsam, juda oddiy. Juda oddiy. Hech kim bizga chetdan yordamga kelmaydi. Futbolchilarga shu narsalarni doim ta'kidlayman. Qachonki yiqilib tushsang, ustingdan buldozer o'tib ketadi. Futbolchilarga o'z darajasi va egnidagi libosning darajasidan pastga tushishlariga haqlari yo'qligini tushuntiraman. Agarda hozir o'ynamasa, keyin savol tug'iladi: Pul bo'lsa o'ynarkan, bo'lmasa o'ynamaskan. Birinchidan futbol futbolchilarning o'zi tanlagan, yaxshi ko'radigan, rohatlanib o'ynaydigan kasbi. Futbolchi maydonga tushganidan keyin o'zi ko'rsatgan darajani ko'tarishi lozim, lekin hecham pasaytirib yubormasligi kerak.- Tan olish kerak, tarkib jihatdan “Bunyodkor” ayni paytda chempionlikka da'vogar jamoa hisoblanmaydi. Lekin ayni paytda chempionlik uchun kurashda faol. Transfer oynasi ochilgach tarkibni keskin kuchaytirmasada, zaxira uchun hech bo'lmasa o'rta saviyadagi futbolchilarni olib kurashni chinakamiga oxiragacha olib borishning imkoni bormi? Chunki murabbiylik salohiyatingiz bilan shu sharoitda ham “Bunyodkor”ni chempion qilishga qodirligini ko'rinib turibdi...- Aytadiku, jo'jani kuzda sanaymiz. Nega mumkin emas? Hammasi o'zimizning qo'limizda. Hali aytib o'tilgandek jamoadan Shomurodov, Shukurov, Hamdamov va Gadoev ketdi. Lekin hayot davom etmoqda. Hayot - armiyaga o'xshaydi. Biz ketganlarni o'rnini yoshlar bilan to'ldirib boraveramiz. Futbolchi keyinchalik faoliyatini qaerda davom ettirishidan qat'i nazar o'zi uchun ham futbol o'ynashi kerak. Bundan avvalo o'ziga foyda bo'ladi. Kimki ketadigan bo'lsa ham ayni paytda meni qo'l ostimdami, demak meni talabimni bajarishi lozim. Men esa ularni hecham bo'shashishlariga yo'l qo'ymayman. “Bunyodkor” futbolchilariga jamoa darajasidan pastga tushishga ruxsat yo'q!Pul bormi, yo'qmi farqi yo'q. Hamma narsa ham pul bilan o'lchanmaydi. Biz har qanday sharoitda ham kuchimiz, aqlimiz etganicha chempionlik uchun kurashamiz.-Tanqidlarga qanday munosabatda bo'lasiz?- Hozir umuman e'tibor bermayman.- Mirjalol Qosimov futbolchilik faoliyatidagi eng katta maoshni qaysi jamoada olgan?- BAAda, “Al Shabab” jamoasida olganman. Amirliklarda sharoit juda zo'r bo'lgan. Menga klub 3 xonali uy, mashina bergan. Sharoiti zo'r bo'lganiga qaramasdan, BAAda futboldan rohat olmaganman. Shu boisdan ham shartnomam tugashi bilan ketganman.- Bahrayn bilan bekor bo'lgan o'yin haqida...- Tayyor g'alaba havoga uchib ketgan. Biz o'shanda safarda ham Bahraynni yutib kelishga to'liq ishongandik.  Yaxshi kayfiyat bilan ketgandik, safdagi barcha futbolchilar soppa-sog'. Garchi yapon hakamining qilgan xatosi va 1:0 g'alabaga qaramasdan barchada kayfiyat a'lo edi. Javob bahsida ham yutishimizga shubhamiz yo'q edi. Jamoa ruhan juda tayyor holatda bo'lgan. Kamida ularda o'sha payt tarkib borasida yo'qotishlar mavjud edi. Etakchilari jarohatlangan va diskvalifikatsiya tufayli javob bellashuvida maydonga tushmasdi. Ammo o'yin bekor bo'ldi va biz ortga qaytdik. O'rtada yuzaga kelgan tanaffusda jarohatlangan futbolchilari safga qaytdi. Diskvalifikatsiyadagi futbolchisi ham bekor qilindi. Keyin esa nimalar ruy berganini barcha biladi. Bo'lgan ish o'tdi-ketdi. Tarixda qoldi.Tungi arxiv. №4 - Mirjalol QosimovSergey Semak Mirjalol Qosimovning xayrlashuv uchrashuvi haqidaMirjalol Qosimov bilan intervyu. Hech qaerda oshkor qilinmagan haqiqatlar (VIDEO)Shahboz Beg'amov, Narzulla Saydullaev va Tolibjon Qosimov suhbatlashishdi.
« Xabarlarga qaytish
© Real Madrid Uzbekistan